Zamonaviy biznes dunyosida ayollar faqatgina tadbirkor emas, balki ilhom manbayi, yetakchi va ekspert sifatida ham o‘z o‘rnini topmoqda. Moliyaviy savodxonlik, tadbirkorlik va biznes yuritishdagi asosiy qoidalar haqida tajribali ekspert, Ginnes rekordlariga kirgan birinchi o’zbek ayoli – Shohida Ibragimova bilan suhbatlashdik.

Bugungi kunda ko’pchilik sizni moliyaviy savodxonlikni targ’ibotchisi sifatida taniydi. Ammo o‘zingiz Shohida Ibragimovani qanday ta’riflaysiz?
5 farzandning onasi, kelin, qiz, rafiqa, oddiy qilib aytadigan bo’lsam har taraflama ustoz.
Moliyaviy savodxonlik bilan shug‘ullanishga qanday kelib qoldingiz? Bu qiziqish bolalikdan kelganmi yoki hayotdagi qandaydir voqea bunga turtki bo‘ldimi?
Oilamizda onam moliyaviy savodxon bo’lganlar. Ular menga ustoz bo’lganlar. Undan oldin buvimlar birinchi tadbirkor ayol bo’lganlar. Undan tashqari yoshligimdan pulga muhtoj bo’lmasam ham, pul topishga qiziqardim. Undan tashqari hayotimda judayam ko’p pullarni yo’qotganman. Bir necha bor firibgarlarga uchraganman, pulingizni ko’paytiramiz deganlar, piramida bo’lib chiqqan. Xullas, shundan keyin moliyaviy savodxonlik ilmini chuqurroq o’rganishni boshlaganman.
O‘zbekistonda moliyaviy mustaqillikka erishishning eng katta qiyinchiliklari nimalardan iborat?
5 yildan beri dars berib kelayotgan bo’lsam, odamlardagi eng katta muammo bu ilm yetishmasligi va dangasalik. Undan tashqari oiladagi ayolga bo’lgan ishonchsizlik. O’zbekiston hukumati tomonidan judayam ko’p imtiyozlar berilmoqda. Lekin aholi undan to’g’ri foydalanishni, pulni, shaxsiy va oila byudjetini to’g’ri taqsimlashni bilmaydi. 2024-yilda Moliyaviy savodxonlik darslarim orqali 500 ta ayolni moliyaviy mustaqillikka olib chiqib, Xalqaro Ginnes Interrekordga kirdik.

Boy bo‘lish va moliyaviy barqarorlik o‘rtasida qanday farq bor?
Moliyaviy savodxonlikda 5 ta bosqich bor. Siz moliyaviy erkin boy bo’lishiz uchun shu bosqichlardan o’tishingiz kerak. Demak, bu moliyaviy xavf, moliyaviy xavfsizlik, moliyaviy barqarorlik, moliyaviy mustaqillik va moliyaviy erkinlik.
Bundan ko’rinib turibdiki, moliyaviy barqaror inson bu erkin degani emas. Barqarorlikda sizni 6 oyga yetadigan moliyaviy himoya yostig’i bo’lishi, daromadingiz xarajatlaringizni qoplashi kerak. Lekin sizda investitsiya, passiv daromadingiz bo’lmaydi. Moliyaviy erkinlikda yoki bo’lmasa, boy insonda moliyaviy himoya yostig’iga ega, passiv daromadlari bor insondir.
Moliyaviy mustaqillikka erishish uchun hammaga bitta universal maslahat bera olsangiz, bu nima bo‘lardi?
Birinchi navbatda, xohish. Xohlamagan inson ilm ham ololmaydi, o’zgarolmaydi. Odam nima xohlayotganini bilishi kerak. Undan keyin ilm ham yuqadi, o’sadi.
Sizningcha, hozir yoshlarga moliyaviy savodxonlikni o‘rgatishda eng katta xato nima?
Oiladagi muhit, ota-ona moliyaviy savodsiz bo’lsa, befoyda. Ota-onalar farzandlardan talab qilishi biladi, lekin birinchi o’rnak bo’lishi kerak. Shuning uchun oiladagi muhitni o’zgartirishdan boshlash kerak.
Moliyaviy muvaffaqiyat haqida hamma gapiradi, lekin hech kim moliyaviy muvaffaqiyatsizliklar haqida so‘ramaydi. Sizning eng katta moliyaviy muvaffaqiyatsizligingiz nima bo‘lgan?
Menimcha, bu $100 mingni yo’qotganim bo’lsa kerak, lekin bu menga moliyaviy savodxonlik bo’yicha ekspert bo’lishimga olib kelgan. Aslida muvaffaqiyatsizlikni orqasida katta tajriba va dars yotadi. Muvaffaqiyatsizlikdan tajriba olib chiqib ketsangiz, shu sizning yutug’ingizdir.

Agar siz hozir moliyaviy ekspert emas, balki boshqa bir sohada faoliyat yuritayotgan bo‘lsangiz, bu qaysi soha bo‘lar edi?
Ooo zo’r savol. Mani tog’amlar 28 yoshlarida saratondan olamdan o’tganlar. Ular bitta o’g’il bo’lganlar. Ular Chernobilda portlash bo’ganda xizmat safarida bo’lganlar. U yerda katta radiatsiya ta’sirida saraton kasaliga uchrab o’tganlar. Bu narsa oilamizga katta ta’sir qilgan. Buvimlar shunda ko’p aziyat chekkanlar. Keyin man bu narsalarni ko’rib, saratonga da’vo topaman, deb farmasevtika yo’nalishiga tayyorlanganman. Shu sohaga kirish uchun o’qishni boshlaganman. Lekin nimagadur Westministorga kirib ketib qoganman. Agar moliyaviy ekspert bo’lmaganimda, balki farmasevt bo’lgan bo’lardim.
Sizning moliya sohasidagi faoliyatingiz nafaqat bilim ulashish, balki ayollarni moliyaviy jihatdan mustahkam qilishga ham qaratilgan. Bu masalaga nega alohida urg‘u berasiz?
Bilasizmi, ayollarni ayollar tushunadi. Ayollar bosib o’tadigan hamma yo’llarni bosib o’tganman. Kelinlikni ham, qiyinchiliklar ham bo’lgan. Ularni xis-tuyg’ularini tushunganim uchun ham dars bera olaman. Ular bosib o’tgan qadamlarni man oldin bosib o’tganman, shu orqali biznes boshlaganman, man hozir ekspertman.

10. Professional faoliyatingizda siz hali amalga oshirmagan, lekin albatta bajarmoqchi bo‘lgan orzuingiz bormi?
Albatta, 3-renesans olima ayoli bo’lish. O’zimdan keyin nom qoldirish. Va albatta O’zbekiston xalqi uchun qo’llanma sifatida “Qarzdan millionlargacha erishgan o’zbek ayoli” kitobini yozish.