Har qanday qiyinchilik ortida yangi imkoniyat yotadi – Oddiy ingliz tili o‘qituvchisidan xalqaro kompaniyaning savdo menejerligigacha

Azizjon Jumaboyev xalqaro kompaniyaning savdo menejeri sifatida ko‘plab xalqaro loyihalarda ishtirok etgan. Toshkentdagi Singapur Menejmentni rivojlantirish Institutini tamomlagan.

Ko‘pchilikda muvaffaqiyatga erishish uchun o‘ziga to‘q oilada tug‘ilish rol o‘ynaydi, degan fikr shakllangan. Azizjon ana shunday stereotiplarni yorib chiqqanlardan. Mehnati, qat’iyati va har bir qiyinchilikda imkoniyatni ko‘ra bilish qobiliyati tufayli yuksak natijalarga erishgan oddiy o‘zbekistonlik.

Ushbu suhbatda uning muvaffaqiyat yo‘li, kasbiy faoliyati va so‘nggi yutuqlari haqida ko‘proq bilishga harakat qilamiz.

Azizjon, dastlab o‘zingiz haqingizda gapirib bersangiz. Bolalik davringiz qanday o‘tgan?

Oddiy ishchi oilasida tug‘ilganman. Bolaligim Toshkentning Yunusobod tumanida o‘tgan. Boshqa bolalar kabi men ham do‘stlarim bilan futbol o‘ynab, ko‘cha changitib katta bo‘lganman. Maktab yillari – energiyaga to‘la, qiziqish yuqori, o‘zingni har narsaga urib ko‘radigan bir davr. Menda ham shunday bo‘lgan. Keyinchalik boks va kikboks bilan shug‘ullandim. 2010-yilda Toshkentda o‘tgan kikboks bo‘yicha chempionatda 1-o‘rinni egalladim. Maktabda ham juda faol edim, davlat tadbirlari va fan olimpiadalarida qatnashardim. Fizika fanidan tuman olimpiadasida g‘olib bo‘lib, yilning eng iqtidorli o‘quvchisi deb e’tirof etilganman. Xullas, yoshlik davrim qiziqarli, xotiralarga boy o‘tgan desam, yanglishmagan bo‘laman.

Nihoyat maktabni ham bitirdik, buyog‘iga katta hayotga qadam qo‘yildi. 2007-yilda Toshkent Axborot Texnologiyalari Instituti qoshidagi akademik litseyga o‘qishga kirdim. Bu yerda ham ko‘p do‘stlar orttirdim, yaxshi davrlar edi. Litseyni tamomlagach, tahsil olishni davom ettirish rejam bor edi. Shu sabab ustozlarimning maslahati bilan davlat imtihonlariga tayyorgarlikni ertaroq boshlab yuborgandim.

Biroq litseydan keyin ishlarim uncha yurishmadi. Toshkent Axborot Texnologiyalari Universitetiga hujjat topshirdim, lekin ikki yil ketma-ket imtihonlardan o‘ta olmadim. Ehtimol, biroz mubolag‘adek tuyular, ammo hayotimdagi ilk jiddiy zarbani qabul qilib olgandim o‘shanda. Har holda menga shunday tuyulgan. Albatta, hafa bo‘lganman, ketgan vaqtim va mehnatimga achinganman. Biroq bu meni tushkunlikka tushirmadi. Aksincha, o‘zim uchun yangi yo‘nalish tanlashga undadi. Yaqin do‘stimning maslahati bilan ingliz tilini chuqur o‘rganishga qaror qildim va bu eng to‘g‘ri qaror bo‘lib chiqdi.

Nega qat’iy ishonch bilan bunday deyapsiz? Ingliz tilini o‘rganish sizga aynan nima berdi?

Bilasizmi, agar o‘shanda kelajak rejalarimni qayta ko‘rib chiqib, til o‘rganishga e’tibor qaratmaganimda, ehtimol hozir mutlaqo boshqa joyda, boshqacha tushuncha va qadriyatlar bilan yashab yurgan bo‘lardim. Ingliz tilini o‘rganishim esa menga ko‘pgina imkoniyatlarni berdi. Fikrlashim, dunyoqarashim o‘zgardi. Zamon bilan hamnafas yashash uchun til bilishning ahamiyatini tushunib yetdim. Xalqaro miqyosda e’tirof qilingan adabiyot va bilimlarni o‘rganish uchun ham til bilish kerak-ku, shunday emasmi?

Tez orada bu o‘z samarasini berdi, 2012-yilda nihoyat Toshkentdagi Singapur Menejmentni rivojlantirish Institutiga o‘qishga kirdim. Ikki yillik muvaffaqiyatsizlikdan keyin qo‘lga kiritgan ilk yutug‘im edi bu. O‘qishga kirganim menga shu darajada katta motivatsiya bergandiki, darsdan bo‘sh vaqtlarimda ingliz tilidan dars bera boshladim, ham kundalik xarajatlarim uchun pul ishlab topardim, ham til bo‘yicha bilimlarimni mustahkamlab borardim. O‘zim uchun qulay grafikni shakllantirib olgandim, qisqasi.

Xalqaro kompaniyada ishlashga qanday erishdingiz?

2016-yilda institutni tamomlagach, ilk mehnat faoliytimni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “O‘zmedeksport” Respublika tashqi iqtisodiy aloqalar davlat korxonasida boshladim. Bu men uchun katta tajriba bo‘ldi. Bu yerda men tenderlarni tashkillashtirish, tibbiy uskunalarni import qilish va yetkazib berish jarayonida ishtirok etardim. Bu vazifada ishlash orqali katta tajriba to‘pladim.
Tez orada Germaniyaning «Norvale Company Limited» kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasidan ishga taklif kelib tushdi va men buni mamnuniyat bilan qabul qildim. Chunki xalqaro miqyosda tajriba orttirish men uchun muhim edi. Bu yerda savdo menejeri sifatida ishladim. Kompaniyaning asosiy faoliyati Germaniyaning “KARL STORZ GmbH & Co., KG” korporatsiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berishdan iborat bo‘lib, bu yerda men:
– xaridorlar bilan shartnomalar tuzish va imzolash;
– imzolangan shartnomalar monitoringi;
– yuk tashish hujjatlarini tayyorlash;
– tender xaridlarida ishtirok etish uchun hujjatlarni tayyorlash va rasmiylashtirish;
– qabul qilish, o‘rnatish va o‘qitish dalolatnomalarini tayyorlash va imzolash;
– Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazida tibbiy texnikani ro‘yxatdan o‘tkazish va sertifikatlash kabi vazifalarni bajarardim.

Kelajak rejalaringiz haqida ham gapirib bersangiz:

Navbatdagi maqsadim xorijda magistraturada o‘qish. Bu xalqaro toifadagi yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishimda muhim rol o‘ynaydi. Ayni paytda AQShda tahsil olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqyapman. Bundan tashqari, yoshlarga ham o‘rgatish va ular bilan o‘z bilimlarimni bo‘lishish niyatidaman. O‘zbekistonda shogirdlarim ko‘p, ko‘pchiligi mendan o‘rnak olishga harakat qilishadi. Ular uchun ham ilm olishda davom etishim va muvaffaqiyat qozonishim muhim deb bilaman.
Faoliyatimni shu yerda ham davom ettirishim mumkin edi. Biroq o‘sishni xohlasangiz, shaxsiy komfort zondadan chiqishni bilishingiz kerak. Albatta, bu qiyin. Lekin har qanday qiyinchilik – bu yangi imkoniyat. Agar intilsangiz va harakat qilsangiz, albatta natijaga erishasiz. O‘z oldingizga katta maqsadlar qo‘ysangiz va ularga erishish yo‘lida tinimsiz mehnat qilsangiz bas.

Shodiyonabonu Davlatova suhbatlashdi

Back To Top