Ruslan Rahmatov: Bugungi kunda rahbar nafaqat buyruq beruvchi, balki ilhomlantiruvchi yetakchi bo’lishi lozim

Biznesreport.uz navbatdagi IT mutaxassis va startaper bilan suhbatlashdi. Unda Smartcast loyihasining ahamiyati, duch kelgan qiyinchiliklari va sun’iy intellektni ta’siriga alohida to’xtalib o’tildi. Shuningdek, qahramonimiz XXI asrda rahbar qanday bo’lishi kerakligi haqida ham shaxsiy fikrlari bilan bo’lishdi.

Asgardia qanday kompaniya?

Bizning jamoa innovatsion mobil ilovalar yaratish, texnik ekspertiza, maslahat va texnik yordam ko’rsatish bilan shug’ullanadi. 2021 yildan buyon bozorda faoliyat yuritib kelmoqdamiz. Bizning asosiy tamoyilimiz – mijozlarga zamonaviy, samarali va qulay IT yechimlar taqdim etishdir. Jamoamiz 20 dan ortiq yuqori malakali dasturchilardan tashkil topgan bo’lib, har biri o’z yo’nalishida katta tajribaga ega. Biz turli sohalardagi bizneslarga IT yechimlar orqali avtomatlashtirish va samaradorlikni oshirishga ko’maklashamiz.

Nimalar bilan shug’ullanasizlar?

Biz kompaniyalarga biznes jarayonlarini boshqarish tizimi (BPM) orqali jarayonlarini avtomatlashtirish, ma’lumotlarni tartibga solish va ish samaradorligini oshirish imkoniyatini taqdim etamiz. Shuningdek, autstaffing va autsorsing xizmatlarini ko’rsatamiz, bu esa mijozlarga IT mutaxassislarini jalb qilish va o’z loyihalarini tezroq rivojlantirish imkonini beradi. Bizning xizmatlar quyidagilarni o’z ichiga oladi:

• Biznes jarayonlarini avtomatlashtirish – Ish jarayonlarini soddalashtirish va optimallashtirish;
IT autsorsing va autstaffing – Tajribali dasturchilar jamoasini jalb qilish;
• Mobil ilovalar ishlab chiqish – iOS va Android uchun qulay va innovatsion ilovalar yaratish;
• Texnik yordam va maslahat xizmatlari – IT infratuzilmasini yaxshilash va optimallashtirish.

Smartcast qanday paydo bo’ldi va nima uchun bu yo’nalish tanlandi?

Asgardia Team faoliyati davomida ko’plab biznes egalari o’z muammolariga IT yechimlar izlab murojaat qilishdi. Bir necha kompaniyalar monitorlarni masofadan boshqarish bo’yicha yechim so’rashdi. Bu murojaatlar tufayli biz muammoning mavjudligini angladik va unga yechim sifatida Smartcast startup loyihasini yaratishga qaror qildik. Bugungi kunda Smartcast restoranlar, do’konlar va boshqa bizneslarga reklama va menyuni avtomatik ravishda boshqarish imkoniyatini taqdim etadi.

Smartcastni joriy qilishda, uni biznesga o’rgatishda yuzaga kelgan va kelayotgan asosiy qiyinchiliklar?

• Sotuvdagi qiyinchiliklar – mijozlarni jalb qilish va mahsulot afzalliklarini tushuntirish;
• Marketingdagi qiyinchiliklar – mahsulotimizni maqsadli auditoriyaga yetkazish;
• To’lov muammolari – ayrim mijozlar xizmatlardan foydalangandan so’ng o’z vaqtida to’lovlarni amalga oshirmayapti;
• Bularni hal qilish uchun yangi marketing strategiyalarini ishlab chiqyapmiz, to’lov tizimlarini takomillashtirmoqdamiz va xizmatlarimizni soddalashtiryapmiz.

Sizningcha, O’zbekistonda startup qilish osonmi yoki qiyin?

Startup yaratish nafaqat O’zbekistonda, balki boshqa mamlakatlarda ham ko’plab qiyinchiliklarga duch keladi. So’nggi yillarda O’zbekistonda IT ekotizimi rivojlanmoqda, masalan venchur fondlar ochilmoqda, IT Park tomonidan imtiyozlar berilmoqda, startap tanlovlari va akseleratsiya dasturlari tashkil etilmoqda. Lekin hali ham investorlarni jalb qilish mushkul, bozor to’liq shakllanmagan, mijozlar IT xizmatlarga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Shu sababli, startaplar uchun imkoniyatlar ko’paygan bo’lsa-da, muammolar hali mavjud.

Sun’iy intellekt odamning o’rnini egallaydimi?

Sun’iy intellekt insonning barcha vazifalarini to’liq egallaydi, deb o’ylamayman. Biroq ba’zi sohalarda u inson mehnati bilan tenglashib bormoqda, masalan:

• Muhandislik va dasturlashda – kod yozishni avtomatlashtirish;
• Mijozlarga xizmat ko’rsatishda – chatbot va sun’iy intellekt yordamchilari;
• Tahlil va bashorat qilishda – katta hajmli ma’lumotlar bilan ishlash.

Ammo ijodiy fikrlash, hissiyotlar va murakkab qarorlar qabul qilish sun’iy intellekt uchun hali uzoq yo’l. Inson va sun’iy intellekt hamkorlikda ishlaydi, lekin to’liq o’rin almashinuvi bo’lmaydi.

Ruslan Rahmatovning hayotiy prinsiplari?

Bergan va’damni bajaraman, doimo reja tuzaman va unga amal qilaman. Har kuni o’z ustimda ishlayman va rivojlanaman. Bu tamoyillar menga maqsadlarga erishishda, tadbirkorlikni rivojlantirishda va startaplarni muvaffaqiyatli boshqarishda yordam beradi.

Ruslan Rahmatovning professional prinsiplari?

Mijozlar ehtiyojlarini tushunish va eng maqbul yechimni taqdim etish, ishga mas’uliyat bilan yondashish va sifatni ta’minlash, shuningdek yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni muntazam o’rganish. Tizimli yondashuv – har bir loyihani aniq strategiya asosida boshqarish, tejamkorlik va samaradorlik – vaqt va resurslardan oqilona foydalanish.

Hozirgi zamon rahbari (lider) qanday ko’nikmalarga ega bo’lishi talab etiladi?

• Moslashuvchanlik – tez o’zgarayotgan dunyoda yangi vaziyatlarga moslashish;

• Samarali muloqot – jamoa bilan aniq va tushunarli aloqa o’rnatish;

• Strategik fikrlash – kompaniya va biznesni uzoq muddatli rivojlantirish

• Motivatsiya va ilhom berish – jamoani oldinga intilishga ruhlantirish

• Muammolarni yechish – qiyinchiliklarni tez va samarali bartaraf etish

Bugungi kunda rahbar nafaqat buyruq beruvchi, balki ilhomlantiruvchi yetakchi bo’lishi lozim.

Back To Top