Oddiy dispecherlikdan AQShdagi kompaniya menejerligigacha – Husanboy Nasretdinov hikoyasi

“Yoshligimda o‘yinqaroq, sho‘x bo‘lganim uchun ota-onamni ko‘p tashvishga qo‘yardim. Maktabda ham, jismoniy tarbiya darsini hisobga olmasa, qolgan fanlardan deyarli faqat 3 bahoga o‘qiganman. Albatta, buning ortidan uydagilardan ko‘p gap eshitardim. Lekin keyinchalik atrofimdagilarga baholarimga qarab xulosa qilish noto‘g‘ri ekanligini, qo‘limdan ko‘p ish kelishini isbotlashga harakat qila boshladim. Chunki men bunday yondashuv noto‘g‘ri deb hisoblaganman, maktabda 3 bahoga o‘qigan bo‘lsa, bu qo‘lidan hech nima kelmaydi degani emas”.

Husanboy Nasretdinov hozirda AQShda logistika yo‘nalishida faoliyat yuritmoqda. U Cargo Prime transport-logistika kompaniyasida operatsion menejer lavozimida ish boshlaguniga qadar ham bu sohada dispecher, ta’minot zanjiri menejeri kabi vazifalarda mehnat qilib, tajriba to‘plagan:

Logistikada ishlashni O‘zbekistonda, universitetda o‘qib yurgan vaqtlarimda boshlaganman. U paytlar oddiy talabaman, ota-onamdan uzoqda yashayman. Tabiiyki, puldan qiynalib qolgan vaziyatlarim ham bo‘lib turardi. Shuning uchun darsdan bosh vaqtlarimda ishlab pul topishga harakat qilardim. Yaqin do‘stimning maslahati bilan, logistika kompaniyasi ta’minot zanjiri (Supply Chain) tizimida dispecher sifatida masofadan ishlay boshladim. Shundan qiziqishim ortib, sohani chuqurroq o‘rganishga kirishdim”.

Husanboy maktab va litseyni o‘zi tug‘ilib o‘sgan Andijonda tamomlagan. Fanlardan baholari haminqadar bo‘lsa-da, sportga qiziqishi baland edi. Maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi turli sport musobaqalarida faol qatnashardi. Keyinchalik sambo va boks bilan ham shug‘ullandi:

“Bolaligimdan sportga katta qiziqish bilan qaraganman. Sambo va boks bilan shug‘ullanganib yurgan paytlarim menga ham jismoniy, ham ruhan yaxshi ta’sir qilgan. Umuman, sport har bir insonda tartib-intizom, sabr-toqatli bo‘lish, o‘z ustida ishlash kabi xususiyatlarini shakllantirishga yordam beradi. Menda ham xuddi shunday bo‘lgan. Harakat qilsam, yaxshi o‘qishimga ko‘zim yetardi. Shunchaki, hafsala qilmasdim. Sport bilan shug‘ullana boshlagach, o‘zimga nisbatan talabchanligim ortdi, maktabdan keyin matematika, geometriya va trigonometriya bo‘yicha qo‘shimcha darslarga qatnashni boshladim. Bu keyinchalik menga o‘zim tanlagan sohada muvaffaqiyatga erishishimga yordam berdi”.

Husanboy 2016-yilda Toshkent Arxitektura va Qurilish Institutiga davlat granti asosida o‘qishga kirganida barchani hayron qoldirdi. U davlat imtihonda qayd natijasi bilan maktab shahodatnomasidagi 3 baholar shunchaki raqamlar ekanligini ko‘rsatib qo‘ygandi.

“Yaxshi ot keyin chopadi”

Meni yoshligimda ko‘rgan odamning hech ishongisi kelmaydi bugun AQShda logistika kompaniyasida ishlayotganimga. Qarindoshlarim hozirgacha yoshlikda qilgan sho‘xliklarimni eslab, hazil qilishadi. Men ham ularga hazil bilan “yaxshi ot keyin chopadi-da!” deb qo‘yaman” (kuladi).

Husanboyda talabalik davridayoq logistika sohasiga qiziqish paydo bo‘lib ulgurgandi. U shu yo‘nalishda ishlab, xalqaro biznes jarayonlarini tushunish, muammolarni tahlil qilish va tezkor yechim topish ko‘nikmalarini hosil qildi. Lekin o‘sish uchun bu yetarli emasligini tushunardi, yanada ko‘proq bilgisi kelardi. Bu qiziqish uni okeanortiga yetaklab keldi. Shu yerda o‘qib, bilim va tajribalarini yanada oshirishga qaror qildi.

Amerikaga yo‘l va magistratura

2022-yilda AQShga viza olganimda, karyeramda yangi bosqich boshlanayotganini his qildim. Qo‘shma Shtatlarga ilk qadam qo‘ygan kunim hayotimdagi eng muhim voqealardan biri bo‘lgandi. Sababi men shunchaki yangi davlatga kelmadim, balki o‘zim uchun yangi imkoniyatlarga ham eshik ochdim.

AQShda bo‘lishim menga nafaqat kasbiy rivojlanish, balki akademik bilimlarimni yanada kengaytirish imkonini berdi. Kechagidek esimda, 2022-yilning 25-avgust kuni – Chikagodagi Concordia Universiteti(CUC)da Biznes Boshqaruvi (MBA) bo‘yicha o‘qishni boshladim. Bu davr mobaynida xalqaro menejment, moliyaviy strategiyalar va yetakchilik bo‘yicha bilimlarimni oshirdim. 2024-yilda magistraturani muvaffaqiyatli yakunlash nasib qildi. Nihoyat, hayotimdagi navbatdagi katta yutuqlardan birini qo‘lga kiritdim, ota-onamning ishonchini oqladim”.

Kelajak rejalari

“Hozirda o‘z sohamda oldimga qo‘ygan yangi maqsadlarimni amalga oshirish ustida ishlayapman. Logistika va biznes boshqaruvi sohasidagi tajribamni yanada kengaytirish, xalqaro kompaniyalarda yuqori natijalarga erishish va kelajakda o‘z biznesimni yo‘lga qo‘yish niyatidaman.

Bundan tashqari, yoshlar uchun ta’lim va kasbiy rivojlanish bo‘yicha treninglar o‘tkazish, o‘z tajribam bilan bo‘lishish orqali ko‘pchilikka foydam tegsa deyman. Odam o‘zida bor bilimni boshqalarga ham ulashib tursa, bundan jamiyatga faqat foyda bo‘ladi. Menga ham vaqtida ko‘p yordam qilishgan, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishgan, bilmaganlarimni o‘rgatishgan. Demak, men ham boshqalarga nisbatan shunday yo‘l tutishim kerak”.

Husanboy har bir qiyinchilikka yangi imkoniyat sifatida qaraydi. U har qanday muammo ortida yangi imkoniyatlar yashiringan bo‘ladi deb hisoblaydi. Husanboyga yangi marralar, yangi orzular sari harakatida muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Muhammaddiyor Tursunov suhbatlashdi

Back To Top