O’zbekistonda fevral oyidan boshlab nimalar o’zgaradi? Bu haqida Biznesreport nashri qonunchilikdagi o’zgarishlarni bir yerga jamladi.

Tezyurar va yotoqli poyezdlar uchun chiptalar narxi oshadi
1-fevraldan boshlab mamlakat ichidagi tezyurar va oddiy (yotoq) poyezdlarning chiptalari narxi oshadi. Xususan, «Afrosiyob» biletlari 20−25 foizga, «Sharq», «Nasaf» va «O‘zbekiston» biletlari esa 30 foizga ko‘tariladi. Yotoqli poyezdlarniki esa 10,5 foizga oshadi.

Xorijiy IT-kompaniyalar uchun daromad solig‘idan imtiyozlar beriladi
1-fevraldan 2030-yil 1-yanvargacha mamlakat norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar (bundan O‘zbekiston bilan ikkiyoqlama soliq solishning oldini olish to‘g‘risida bitim tuzgan davlatlarning soliq rezidentlari mustasno) eksport xizmatlari hajmi kalendar yil davomida 10 mln dollardan oshgan dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki rezidentlariga axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlarni ko‘rsatishdan olgan (shu jumladan royalti to‘lanadigan) daromadlari qismida foyda solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi.
Toshkent viloyatida issiq suv va isitish ta’minoti narxi oshiriladi
1-fevraldan Toshkent viloyati aholisi uchun issiqlik ta’minoti va issiq suv tariflari tuman va shaharlarga qarab 9−15 foizga oshiriladi.


Kasbiy ta’limda «vaucher tizimi» joriy etiladi
1-fevraldan Samarqand viloyati va Toshkent shahrida kasb-hunarga o‘qitish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha vaucher tizimi sinov tarzida joriy etiladi.
Tizim doirasida ishsiz aholi davlat va nodavlat o‘quv markazlarida vaucher asosida bepul o‘qishlari mumkin bo‘ladi. Bunda kambag‘al oilalar a’zolariga ustunlik beriladi.
O‘qish to‘lovlari yosh chegarasi va o‘qish davomiyligidan qat’i nazar, to‘liq qoplab beriladi. Bunda to‘lovning dastlabki 50%i o‘qish boshlanganida, qolgan qismi esa o‘qish tugagach — fuqaro sertifikat olganidan so‘ng, o‘quv markaziga o‘tkaziladi.
Vaucherlar tuman yoki shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlari tomonidan taqdim etiladi. Elektron vaucherni olgach, uni o‘quv markaziga olib borib, o‘qishni boshlash mumkin bo‘ladi.
Fuqarolar vaucher asosida 35 ta til va kasblarga bepul o‘qitiladi. Bular qatorida marketing bo‘yicha mutaxassis, interer dizayner, ayollar va erkaklar sartaroshi, fotograf, gid-sayohatchi kabilar bor.
«Tashabbusli budjet»ning birinchi mavsumi boshlanadi
“Tashabbusli budjet” jarayonining 2025-yilgi ilk mavsumiga 1-fevraldan start beriladi. Loyihalarni kiritish 20-fevralgacha amalga oshiriladi. Undan keyin, 21-fevraldan 7-martgacha saralash o‘tkaziladi.
Keyingi bosqich — targ‘ibot — 8−10 mart kunlari. Ovoz berish jarayoni esa 11−20-mart kunlari davomida o‘tkaziladi.
Loyihalarning eng yuqori chegaraviy qiymati 1,5 mlrd so‘mni tashkil etadi. Shunga ko‘ra, tuman va shahar budjetidan ajratiladigan mablag‘larning eng kam miqdori 15 mlrd so‘m, eng yuqori miqdori esa — 45 mlrd so‘m.
Bog‘chalarda davomat va to‘lovlar avtomatlashtiriladi
“Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini boshqarish” axborot tizimi “Bolalar bog‘chasi” axborot tizimi negizida o‘zaro birlashib, “yagona darcha” tamoyili asosida faoliyat yuritadi.
Quyidagilar “Bolalar bog‘chasi” tizimi orqali amalga oshiriladi:
– barcha davlat bog‘chalarida xodimlar va tarbiyalanuvchilarning elektron davomatini yuritish;
– ish vaqti tabelini shakllantirish;
– tarbiyalanuvchilarning oziq-ovqat xarajatlarini natura shaklida hisoblash;
– ota-onalar to‘lovi hamda boshqa to‘lovlarni qabul qilish.
Bu tartib 1-fevraldan boshlab tajriba-sinov tariqasida Toshkent shahridagi, 1-iyuldan boshlab esa barcha davlat bog‘chalarida joriy etiladi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalari ko‘payadi
Bu Vazirlar Mahkamasining “Respublikada 2024—2025 yillarda elektromobillardan foydalanish infratuzilmasini kengaytirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorida keltirib o‘tilgan.
Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 fevraldan davlat muassasalari, mehmonxonalar, biznes-markazlar, savdo va umumiy ovqatlanish obektlari, xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari infratuzilmasi obektlari loyihalarida to‘xtash joylarining kamida 5 foizi elektromobillarni quvvatlash stansiyalari bilan jihozlanishi kerak.
Shuningdek, ko‘p qavatli uylar yaqinida, shu jumladan, ularga yaqin joylashgan to‘xtash joylarida maksimal quvvati 22 kVt bo‘lgan stansiyalarni o‘rnatish rejalashtirilmoqda.