O‘zbekistonda fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari asosida turli tijorat banklaridan kredit ajratish holatlari sezilarli darajada ko‘paygan. Bu haqda ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko’ra, 2024-yilda ombudsmanga fuqarolardan iqtisodiy huquqqa oid 6 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 9 foizi firibgarlik holatlari bilan bog‘liq. 2023-yilda shunday murojaatlar soni 110 tani tashkil qilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu raqam 42 foizga oshgan.
Murojaatlarning 60 foizida o‘zini Click kompaniyasi yoki Markaziy bank xodimi sifatida tanishtirgan shaxslar fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalangan holda onlayn kreditlar rasmiylashtirgan. Ayrim holatlarda esa bir shaxs nomiga 5-6 ta tijorat banklaridan kreditlar rasmiylashtirilgan.
Ushbu murojaatlar yuzasidan Ichki ishlar organlari tergovchilari tomonidan tijorat banklariga ushbu fuqarolar kredit mablag‘laridan o‘zlari foydalanmaganligi hamda fuqaroviy da’vogar deb topilgani, shuningdek, aybdor shaxslar topilguniga qadar kredit qarzdorligi hamda unga foizlar hisoblashni to‘xtatib turish yuzasidan topshiriqlar yuborilgan.
Jinoyat protsessual kodeksining 36-moddasida tergovchining o‘z yurituvidagi ish bo‘yicha qonunga muvofiq bergan yozma topshiriqlari va qarorlari barcha korxonalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy ekani belgilangan. Lekin, shunga qaramay banklar tomonidan firibgarlik natijasida aldangan fuqarolardan kreditni to‘lash talab qilib kelinmoqda.
Ombudsman tomonidan ushbu yo‘nalishdagi murojaatlar bo‘yicha fuqarolar manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 5 ta da’vo arizalari kiritilib, banklar bilan tuzilgan kredit shartnomalari haqiqiy emas deb topilgan. 1 nafar fuqaro nomiga olingan kredit mablag‘lari uning foydasiga qaytarilib, ma’naviy zarar undirilishiga erishilgan.
Shuningdek, firibgarlik holatlaridan saqlanish uchun quyidagi tavsiyalarga rioya qilishni tavsiya etdi:
• passport ma’lumotlari, bank kartalari raqami va PIN kod kabi shaxsiy ma’lumotlarni hech kimga oshkor qilmang;
• shaxsiy ma’lumotlaringizni ijtimoiy tarmoqlarda yoki noma’lum shaxslarga yuborishdan saqlaning;
• telefonga kelgan tasdiqlov kodlari, parollar yoki bank ilovalariga kirish ma’lumotlarini hech kimga aytmang;
• ijtimoiy tarmoqlar yoki elektron pochta orqali kelgan notanish fayllar, hujjatlar yoki havolalarni yuklab olmang (ular virus yoki zararli dastur bo‘lishi mumkin);
• notanish raqamlar, xususan, chet el raqamlaridan kelgan qo‘ng‘iroqlar va videoqo‘ng‘iroqlarga javob bermang;
• agar kimdir o‘zini bank xodimi yoki boshqa tashkilot vakili sifatida tanishtirsa, ularning shaxsini tasdiqlash uchun rasmiy kanallar orqali ma’lumot oling;
• ogoh va ehtiyotkor bo‘ling.