Bu haqda transport vaziri “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” doirasidagi o‘z chiqishida aytib o‘tdi.

Toshkent shahrida “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi” davom etmoqda. 18-oktyabr kuni o‘tgan sessiyada transport sohasida qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida Ilhom Mahkamov chiqish qilgan. Muloqot yakunida vazir jurnalistlarga intervyu berdi va O‘zbekistonda avtobuslarda 2025-yil 1-yanvardan boshlab yo‘l haqi uchun naqd pulni qabul qilishdan voz kechilishini ma’lum qildi.
Mahkamovning aytishicha, yo‘lovchilar bekatlardan naqd pulga bilet yoki QR-kod sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bekatlarda infokiosklar o‘rnatilishi rejalashtirilmoqda, hozirda bu tizim Toshkent shahrida sinovdan o‘tkazilmoqda. QR-kodlarni o‘qiy oladigan qurilmalar barcha avtobuslarga o‘rnatilganda, konduktorlar ishdan chiqadi, chunki naqd pul yig‘ishga ehtiyoj qolmaydi.
Bundan tashqari, vazir yangi bruto shartnoma tizimi haqida ham ma’lumot berdi. Bu tizimda jamoat transporti xizmatlarini ko‘rsatadigan operatorlarga to‘lov yo‘lovchilarning o‘z vaqtida manzilga yetkazilganligi uchun amalga oshiriladi.
Avtobus parki 1 294 ta avtobusga ko’paytirilishi hamda asosiy eʼtibor Toshkent va Samarqand shaharlarida elektrobuslar harakatiga qaratilishi aytib o’tilgan. 2030-yilga borib avtobuslar sonini 5 000 taga, elektrobuslar sonini 2 000 taga yetkazish maqsad qilingan. Shaharlar va tumanlar jamoat transporti bilan to‘liq qamrab olinishini taʼminlash ko‘zda tutilmoqda. Bundan tashqari, jamoat transporti tizimlarini avtomatlashtirish, hududlarda avtomatlashtirilgan dispetcherlik nazorati va monitoringini joriy etish hamda yirik shaharlarda jamoat transporti uchun maxsus yo‘l bo‘laklarini yaratish ustida ish olib borilmoqda.
#toshkentshahri #avtobus